• MARKAZNI TASHKIL ETILISHI

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI TOSHKENT SHAHRIDA KOREYA XALQARO HAMKORLIK AGENTLIGI (KOICA) ISHTIROKIDA KASB-HUNARGA O‘QITISH MARKAZINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007 y., 33-34-son, 341-modda)

Ish bilan vaqtincha band bo‘lmagan aholini, shu jumladan umumta’lim maktablarini, akademik litseylarni tamomlagan va doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar

Mahkamasi qaror qiladi:

1. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) tomonidan 2007—2010 yillarda O‘zbekiston Respublikasiga «Kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish uchun 4 mln AQSh dollari miqdorida grant mablag‘lari berilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligining KOICA  ning grant mablag‘lari hisobiga «Kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish» loyihasi doirasida Toshkent shahrida 360 o‘quvchiga mo‘ljallangan, 100 o‘rinli yotoqxonasi bo‘lgan Kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Quyidagilar Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining asosiy vazifalari etib belgilansin: ish bilan band bo‘lmagan aholini, shu jumladan kollejlar va litseylarni tamomlagan hamda doimiy ishga ega bo‘lmagan shaxslarni, 11-sinf ma’lumotiga ega bo‘lgan fuqarolarni quyidagi asosiy yo‘nalishlar va mutaxassisliklar — avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish (avtochilangarlar, motorchilar, avtomobillar diagnostikasi bo‘yicha mutaxassislar), mashinasozlik ishlab chiqarishi (tokarlar, frezerchilar, metallga ishlov berish mutaxassislari), elektr va elektronika (maishiy texnika, radio va teleapparatlarni ta’mirlaydigan mutaxassislar), axborot texnologiyalari (hisoblash mashinalari operatorlari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnikaga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha mutaxassislar) bo‘yicha 1 yildan ortiq bo‘lmagan muddatda bepul tayyorlash va qayta tayyorlash; Koreyaga ishga yuborilayotgan fuqarolarni ketishdan oldin pulli asosda tayyorlash va moslashtirish; O‘zbekistonning mehnat bozorida talab katta bo‘lgan kasblar bo‘yicha ish izlayotgan shaxslarni pulli asosda qisqa muddatda o‘qitish.

4. Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi bevosita O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga bo‘ysundirilsin, unga umumiy o‘quv-metodik rahbarlik qilish esa Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga yuklansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi KOICA ning grant mablag‘larini olish va unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan, Koreya tomoni bilan kelishilgan barcha tartibotlarning o‘z vaqtida rasmiylashtirilishini ta’minlasinlar. KOICA ning grant mablag‘lariga hisob-kitob xizmati ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga yuklansin.

6. Toshkent shahar hokimligi: Koreya tomoni bilan kelishgan holda umumiy maydoni 1,8 ga, shu jumladan Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining o‘quv korpusini qurish uchun 2,7 ming kv.m va yotoqxona qurish uchun 1,1 ming kv.m yer uchastkasini bir oy muddatda ajratsin; Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga Kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish bo‘yicha dastlabki ruxsat berish hujjatlari (APZ-I,II)ni tayyorlashda ko‘maklashsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi «Davarxitektqurilish» qo‘mitasi bilan birgalikda: Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ishlab chiqsin, ekspertizadan o‘tkazsin va tasdiqlasin, pudrat qurilish tashkilotini aniqlash bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilishini tashkil qilsin; ikki oy muddatda loyihani amalga oshirish jadvalini ishlab chiqsin va uni oldindan KOICA, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Moliya vazirligi bilan kelishib olsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi Koreya tomoni bilan kelishgan holda: bir oy muddatda Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazining ustavini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar; Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi ishida qo‘llaniladigan zarur o‘quv-metodik dasturlar va materiallar ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasinlar.

9. Belgilansinki, Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazi ta’minoti, ish bilan band bo‘lmagan aholini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek import qilinadigan o‘quv-laboratoriya jihozlarining O‘zbekiston Respublikasi hududida saqlanishi, rasmiylashtirilishi va transportda tashilishi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

10. Quyidagilar: KOICA ning beg‘araz yordami mablag‘lari hisobiga Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish va jihozlash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinayotgan o‘quv-laboratoriya jihozlari va moddiy resurslar bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno); loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha vizalarni hamda vaqtincha ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda konsullik yig‘imlari va davlat bojlari to‘lashdan ozod qilinsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi Toshkent shahridagi Kasb-hunarga o‘qitish markazini tashkil etishda qatnashayotgan xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar berilishi va ularning muddati uzaytirilishini, ular yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini ta’minlasinlar.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari R.S. Azimov va R.S. Qosimov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV Toshkent sh., 2007 yil 13 avgust, 170-son

 


  • MARKAZ HAQIDA

TOSHKENT SHAHRIDAGI ISHSIZ FUQAROLARNI

 KASB-HUNARGA O‘QITISH MARKAZI HAQIDA

                                                                                                                                                            Toshkent sh.

Markaz 360 o‘quvchi o‘ringa ega bo‘lib, boshqa hududlardan kelgan o‘quvchilar uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan 100 o‘rinli o‘quvchilar turar joy binosi ham mavjud.

Markazda “Mashinasozlik ishlab chiqarish texnologiyasi” (tokarlar, frezerchilar, payvandchilar, metallga ishlov berish mutaxassislari); “Elektr, elektronika va avtomatlashtirish” (elektron qurilmalar, maishiy elektron texnika, radio va teleapparatlarni ta’mirlash va servis xizmati ko‘rsatish mutaxassislari); “Avtomobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish” (avtochilangarlar, motorchilar, avtotransport vositalarini diagnostika qilish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish); “Axborot texnologiyalari” (kompyuterlarni dasturlash, kompyuter va boshqa orgtexnikaga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash) mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qitiladi.

O‘qish muddati – 10 oy, shundan bevosita markazda kasb-hunarga o‘qitish 6 oy hamda 4 oyi korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun.

Markazda yuqori malakaga ega bo‘lgan 24 nafar o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ustalari mehnat faoliyatini yuritadi, bugungi kunda ulardan 7 nafari Koreya Respublikasida maxsus tayyorgarlikdan o‘tishgan. Bundan tashqari KOICA tomonidan 3 nafar ko‘ngilli o‘qituvchilar Koreyadan markazga yordamga yo‘llangan.

Eng muhimi bu markazda o‘qishni tamomlab chiqqanlarning barchasi ishsiz qolmaydi, bitirib chiqishi bilan munosib ishga joylashadi. Jumladan, markaz o‘zining faoliyatini boshlagandan buyon o‘tgan qisqa davr ichida bu yerda 3000 nafarga yaqin yoshlar kasb-hunarga qayta o‘qitildi va ularning aksariyati avvaldan tuzilgan shartnomalar asosida to‘liq ish bilan ta’minlandi.

Markazda kasb-hunarga o‘qitilgan yoshlar bugungi kunda O‘zavtosanoat, O‘zeltexsanoat, O‘ztelekom, Toshavtotexxizmat, Andijondagi “SPZ BEARINGZ”, “General Motors Powertrain Uzbekistan”, O‘zagromashservis, Toshkent truba zavodi, Toshkent Quyuv-mexanika zavodi, “PRO CAB” “ALUTEX” qo‘shma korxonalari, Toshkent “Agregat zavodi” AJ, Jizzax akkumlyator zavodi, Elektroapparat zavodi, Bekobod Metallurgiya kombinati, Toshavtotexxizmat, Avtokomplekt zavodi, Burmexanika zavodi, Artel kompaniyasi «Sharq» kompaniyasi qoshidagi korxonalarda faoliyat yuritishmoqda.

Bugungi kunda “Sentr svarochnŃ‹x texnologii”, “RAVON NUR OSIYO SERVIS”, “Driver’s Village Auto Service” hamda “TOSHAFUS” MChJ lari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga ko‘ra, markaz o‘quvchilari ushbu korxonalarda  ishlab chiqarish amaliyotlarini o‘tab, ish bilan ta’minlanyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan munosabat bu bilan chegaralanib qolmaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Hukumatlari o‘rtasida imzolangan Kelishuvlar doirasida 2017 yilda Samarqand shahrida(5,5 mln. AQSh dollari) grant mablag‘lari hisobidan 240 o‘rinli o‘quv markazi ish boshladi, shuningdek, 2018 yilda Shahrisabz shahrida ham (8,5 mln AQSh dollari) grantini jalb etgan holda Kasb-hunarga o‘qitish markazi foydalanishga topshirilish arafasida.

Kelgusida vazirlik tomonidan faol olib borilgan ishlar natijasida Respublikamizning Farg‘ona va Urganch shaharlarida ham shunday Kasb-hunarga o‘qitish markazlarini tashkil etish bo‘yicha Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Muhtasar aytganda 2017 - 2020 yillarda ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va imtiyozlari asosda yurtimizning barcha xududlarida qisqa muddatda kasb berishga ihtisoslashgan 16 ta Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tarkibidagi mavjud kasb-hunar kollejlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Axborot xizmati

 

 


  • MARKAZ FAOLIYATI HAQIDA

TOSHKENT SHAHRIDAGI ISHSIZ FUQAROLARNI

KASB-HUNARGA O‘QITISH MARKAZI FAOLIYATI TO‘G‘RISIDA 

 

                                                                                                                                                  Toshkent sh.

 

Koreya bilan O‘zbekiston Respublikasi hamkorligi keng ko‘lamli bo‘lib, 2017 yil noyabr oyida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik yanada mustahkamlanib, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Koreya Respublikasi Inson resurslarini boshqarish vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan korxonalarning buyurtmalari asosida har yili 7-8 mingga yaqin ish bilan band bo‘lmagan yoshlar kasb-hunarga o‘qitiladi.

Tez o‘zgaruvchan bozor kon’yunkturasi sharoitida qisqa muddatlarda zamonaviy kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlab beruvchi ta’lim muassasalariga talab yanada kuchayib boradi.

Ushbu sohani yanada rivojlantirish hamda band bo‘lmagan aholini, shu jumladan, kasb-hunar kollejlari va boshqa ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini mehnat bozorida talabga ega bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasb-hunarga o‘qitish va malakasini oshirish yuzasidan tegishli sharoitlar yaratish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi 2007 yil 28 dekabrdagi Bitimga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya Xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda kasb-hunarga o‘qitish imkoniyatlarini rivojlantirish” samarali amalga oshirilib kelinmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining  2007 yil 13 avgustdagi 170-son hamda 2012 yil 13 sentyabrdagi 270-son qarorlariga muvofiq, Toshkent shahrining Sergeli tumanida Koreya Respublikasi Hukumatining(4 mln. AQSh dollari) grant mablag‘lari hisobidan Kasb-hunarga o‘qitish markazi tashkil etildi.

Ushbu Markaz o‘zining imkoniyatlari va amaliy ahamiyatiga ko‘ra hamda eng zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, o‘quv-ishlab chiqarish dastgohlari va amaliyot qo‘llanmalari bilan o‘ziga xos hisoblanib, O‘zbekistondagi kasbiy ta’lim tizimida o‘zining munosib o‘rniga egaligi bilan ajralib turadi.